Claude bilan video qanday yasaladi

Montaj dasturisiz, dasturchi bo'lmasangiz ham: videoni kod bilan yasaymiz, kodni esa Claude yozadi. Siz faqat o'zbek tilida nima kerakligini aytasiz. Bu qo'llanmada kompyuterni tayyorlashdan tortib Instagram'ga tayyor MP4 olishgacha hamma qadam bor.

⏱ 20 daqiqa o'qish🎯 Reels / Shorts / TikTok🧰 Claude Code + Node.js + ffmpeg💻 Mac / Windows

Bu qanday ishlaydi?

Oddiy montajda (CapCut, Premiere) siz har bir matnni qo'lda sudrab, vaqtini qo'lda qo'yasiz. Bu usulda esa video matnli fayl sifatida yoziladi: «2-soniyada katta sariq yozuv chiqsin, 4-soniyada pastdan rasm kirsin». Kompyuter shu yozuvga qarab har bir kadrni chizadi va ularni MP4 videoga yig'adi.

Bu faylni o'zingiz yozmaysiz. Claude Code degan dastur kompyuteringizda ishlaydi: siz unga «Reels uchun 30 soniyalik video yasa, mavzu — …» deysiz, u esa fayllarni yaratadi, kerakli dasturlarni o'rnatadi, videoni chiqaradi va hatto natijani o'zi ko'rib tekshiradi.

Oddiy montaj
  • Har bir video qo'lda yig'iladi
  • Bitta so'zni o'zgartirish = qayta montaj
  • Har videoda dizayn biroz farq qiladi
Claude + kod
  • Bir marta shablon, keyin faqat matn almashadi
  • «3-sahnadagi so'zni almashtir» deysiz — tamom
  • Hamma video bir xil brendda chiqadi
1Ssenariy
→
2scenes.json
→
3Shablon
→
4Render
→
5Claude tekshiradi

Ssenariy — nima deyiladi va ko'rsatiladi. scenes.json — ssenariyning kompyuter tushunadigan ko'rinishi. Shablon — dizayn (ranglar, animatsiya). Render — shablon + JSON'dan MP4 chiqarish. Tekshiruv — Claude kadrlarni ko'rib xatolarni tuzatadi.

Kompyuterni tayyorlash

Uchta narsa kerak. Bularni faqat bir marta o'rnatasiz.

🤖 Claude Code

Asosiy yordamchi. Terminalda ishlaydi: fayl yaratadi, dastur o'rnatadi, buyruqlarni o'zi bajaradi. Pullik Claude obunasi (Pro yoki Max) yoki API hisob kerak.

🟩 Node.js

Video dvigateli (Remotion) shu muhitda ishlaydi. Faqat o'rnatib qo'yasiz, ishlatishni Claude biladi.

🎞 ffmpeg

Video va ovoz bilan ishlovchi bepul dastur: kadrlarni yig'adi, ovozni tozalaydi, musiqani qirqadi, tekshiruv uchun kadr oladi.

Terminal nima? Kompyuterga buyruqni yozib beradigan oyna. Mac'da: Cmd+Space → «Terminal» deb yozing → Enter. Windows'da: Start → «PowerShell» deb yozing → ochiladi. Quyidagi buyruqlarni o'sha oynaga nusxalab (Copy tugmasi), Enter bosasiz.

Node.js o'rnatish

nodejs.org saytidan LTS versiyasini yuklab oling va oddiy dasturdek o'rnating (Next → Next → Finish). Tekshirish uchun terminalni yopib qayta oching va yozing:

node -v

Javobda v22.x.x kabi raqam chiqsa — tayyor.

ffmpeg o'rnatish

Mac (avval Homebrew o'rnatilgan bo'lishi kerak):

brew install ffmpeg

Windows (PowerShell'da):

winget install Gyan.FFmpeg

Terminalni qayta ochib tekshiring: ffmpeg -version. Qiynalsangiz — bu qadamni o'tkazib yuboring, keyinroq Claude'ga «ffmpeg o'rnatib ber» desangiz, o'zi qiladi.

Claude Code o'rnatish

Mac / Linux:

curl -fsSL https://claude.ai/install.sh | bash

Windows (PowerShell):

irm https://claude.ai/install.ps1 | iex

O'rnatish haqida batafsil: Boshlash sahifasi va rasmiy hujjat.

Claude'ni ishga tushirish

Har bir video loyihasi uchun alohida papka oching. Claude faqat shu papka ichida ishlaydi — boshqa fayllaringizga tegmaydi.

mkdir video-loyiha   # yangi papka yaratish
cd video-loyiha      # papka ichiga kirish
claude               # Claude'ni ishga tushirish

Birinchi safar Claude brauzer orqali Claude hisobingizga kirishni so'raydi — ko'rsatmaga amal qiling. Keyin pastda yozish maydoni chiqadi: endi unga oddiy o'zbek tilida yozishingiz mumkin.

Claude ruxsat so'raydi. Fayl yaratish yoki buyruq bajarishdan oldin «Do you want to…?» deb so'raydi. Nima qilmoqchi ekanini o'qing va Yes ni tanlang. «Yes, and don't ask again» — shu turdagi ishlar uchun boshqa so'ramaydi. Bu normal holat, Claude sizning kompyuteringizda ishlayotgani uchun ehtiyot bo'ladi.
Foydali buyruqlar: /clear — yangi suhbat boshlash, Esc — Claude'ni to'xtatish, /exit — chiqish. Hammasi Buyruqlar sahifasida.

Birinchi video: 5 qadam

Quyidagi qadamlarni ketma-ket bajaring. Har bir qadamdagi promptni nusxalab, ___ joylarni o'zingiznikiga almashtiring.

⚡ Shoshilyapsizmi? Hamma qadamni bitta prompt bilan bajarish mumkin. Lekin birinchi marta qadamma-qadam qilsangiz, nima bo'layotganini tushunasiz va keyin o'zingiz boshqarasiz.
Bitta prompt bilanMenga Instagram Reels uchun 30 soniyalik vertikal video yasab ber (1080×1920, 30 fps). Mavzu: ___. Remotion ishlat. Avval ssenariyni yozib menga ko'rsat va tasdiqlashimni kut. Keyin sahnalarni scenes.json faylga yoz, shablon yasa, MP4 render qil va har soniyadan bitta kadr olib o'zing tekshir: matn chetga chiqmasin, telefonda o'qilsin. Men dasturchi emasman, har qadamda nima qilayotganingni oddiy tilda tushuntir.

G'oya va ssenariy

Mavzuni ayting, Claude ssenariyni sahnalarga bo'lib yozib beradi. Ssenariyni shu bosqichda yaxshilab o'qib tuzating — keyin o'zgartirish ko'proq vaqt oladi.

PromptInstagram Reels uchun 30–40 soniyalik video ssenariysini yoz. Mavzu: ___. Auditoriya: ___. Birinchi 2 soniyada diqqatni tortadigan hook bo'lsin. 6–8 sahna, har birida: ekrandagi matn (qisqa, 8 so'zdan oshmasin), nima ko'rinishi va davomiyligi soniyada. Oxirida harakatga chaqiruv (saqlash/izoh) bo'lsin. Hali hech qanday fayl yaratma.

Natija: Claude jadval yoki ro'yxat ko'rinishida ssenariy beradi. Yoqmagan joyini oddiy so'z bilan ayting: «hookni qiziqroq qil», «4-sahnani olib tashla», «oxirini qisqartir».

Yaxshi hook misollari: «90% haydovchi buni xato qiladi» · «Bu xatoni hamma qiladi, siz-chi?» · «3 soniyada tushuntiraman» · «Buni bilmasangiz, pul yo'qotasiz».

Sahnalar JSON fayl bo'lib chiqadi

Ssenariy ma'lumotga aylanadi. Asosiy g'oya shu: kontent (matn) alohida, dizayn alohida turadi. Keyingi videoni yasash uchun faqat shu faylni almashtirasiz — dizayn o'zgarmaydi.

PromptSsenariy yoqdi. Endi uni scenes.json faylga yoz: har bir sahna — alohida obyekt (type, matn, duration). Sahna turlari: hook, fact, list, cta.

Fayl taxminan shunday ko'rinadi (o'qishni bilish shart emas, lekin matnni shu yerda o'zingiz ham o'zgartira olasiz):

[
  { "type": "hook", "text": "90% odam buni bilmaydi", "duration": 2.5 },
  { "type": "fact", "title": "Qoida №1", "body": "Sariqda to'xtash shart", "duration": 4 },
  { "type": "list", "items": ["Zebra", "Ko'prik", "Tunnel"], "duration": 5 },
  { "type": "cta",  "text": "Saqlab qo'ying 📌", "duration": 2 }
]

type — sahna turi (qaysi dizayn ishlatiladi), text/title/body — ekrandagi yozuv, duration — necha soniya turadi. Barcha duration lar yig'indisi = video uzunligi.

Shablonni Claude yozadi

Endi dizayn. Claude Remotion loyihasini yaratadi, kerakli kutubxonalarni o'rnatadi va har bir sahna turi uchun alohida «qolip» yozadi. Bu 3–10 daqiqa oladi — Claude ishlayotganda terminalda nima qilayotganini ko'rib turasiz.

PromptRemotion loyihasi yarat: 1080×1920, 30 fps. scenes.json'ni o'qisin, har bir sahna turi (hook, fact, list, cta) uchun alohida komponent bo'lsin. Matn so'zma-so'z paydo bo'lsin, sahnalar orasida silliq o'tish bo'lsin, ro'yxat elementlari birin-ketin chiqsin. Ranglar: fon ___, asosiy rang ___. Shrift: Montserrat (o'zbekcha ʻ va ʼ belgilarini to'g'ri ko'rsatsin). Asosiy matn kamida 70px. Tayyor bo'lgach Remotion Studio'ni ishga tushir.

Remotion Studio — videoni render qilmasdan brauzerda ko'rish oynasi. Claude sizga http://localhost:3000 manzilini beradi: uni brauzerda oching, videoni play qilib ko'ring, vaqt chizig'ini sudrab har bir sahnani tekshiring. Studio'ni o'zingiz ochmoqchi bo'lsangiz:

npx remotion studio

Remotion shaxsiy foydalanish va kichik jamoalar uchun bepul; kattaroq kompaniyalar uchun litsenziya kerak bo'lishi mumkin — shartlarini ko'ring. Muqobil yo'l: «Remotion'siz, HTML/CSS sahifa + headless brauzer + ffmpeg bilan qil» deb so'rasangiz, Claude kadrlarni brauzerda chizib, ffmpeg bilan yig'adi.

Render — MP4 chiqarish

Studio'da hammasi yoqsa, Claude'ga «render qil» deysiz. Yoki o'zingiz bitta buyruq bilan:

npx remotion render Main out/video.mp4

Main — kompozitsiya nomi (Claude boshqa nom qo'ygan bo'lsa, o'shani yozing), out/video.mp4 — tayyor fayl qayerga tushadi. 30 soniyalik video odatda 1–5 daqiqada render bo'ladi.

HTML usulida brauzer kadrlarni PNG qilib saqlaydi, ffmpeg esa ularni yig'adi:

ffmpeg -framerate 30 -i frames/%05d.png -c:v libx264 -pix_fmt yuv420p video.mp4

Tayyor faylni topish: Mac'da open out, Windows'da explorer out — papka ochiladi.

Claude o'z ishini o'zi tekshiradi 👀

Eng kuchli qismi shu. Claude rasmlarni ko'ra oladi. U videodan kadrlar oladi va ularni o'zi ko'radi: matn chetga chiqib ketganini, juda kichik shriftni, Instagram tugmalari tagida qolgan joylarni, buzilgan harflarni topib tuzatadi.

# har soniyadan bitta kadr (check/ papkasiga)
ffmpeg -i out/video.mp4 -vf fps=1 check/%03d.png
PromptVideodan har soniyada bitta kadr olib, hammasini ko'rib chiq. Tekshir: matn chetga chiqib ketmayaptimi, telefonda o'qiladimi, pastki 300px va o'ng chetdagi Instagram tugmalari tagida matn qolmayaptimi, o'zbekcha harflar to'g'ri chiqyaptimi, sahnalar juda tez almashmayaptimi. Topgan muammolaringni ro'yxat qilib ayt, keyin tuzat va qayta render qil.

Oxirgi tekshiruv — o'zingiz. MP4 ni telefoningizga yuboring (Telegram «Saved Messages» qulay) va telefonda to'liq ko'ring. Claude ko'p narsani ushlaydi, lekin his-tuyg'u, temp va hazilni siz yaxshiroq baholaysiz.

Videoni o'zgartirish

Bu usulning eng katta qulayligi: o'zgartirish uchun montajga qaytmaysiz, Claude'ga oddiy gap bilan aytasiz. Aniq yozsangiz, natija aniq chiqadi.

❌ Noaniq✅ Aniq
«Chiroyliroq qil»«Hook matnini 20% kattalashtir, orqasiga sariq ramka qo'sh»
«Tezroq qil»«Har bir sahnani 0.5 soniyaga qisqartir, umumiy 25 soniya bo'lsin»
«Rangini o'zgartir»«Fon to'q ko'k (#0F172A), sarlavhalar sariq (#FACC15) bo'lsin»
«Animatsiya yoqmadi»«3-sahnada ro'yxat birdan chiqyapti — har bir element 0.4 soniya oraliqda pastdan chiqsin»
«Xato bor»«12-soniyada “ko'prik” so'zi ikki qatorga bo'linib qolgan — bitta qatorga sig'dir»
Skrinshot yuboring. Studio'dan yoki telefondan skrinshot olib, fayl yo'lini Claude'ga bering (yoki terminal oynasiga sudrab tashlang) va «shu kadrdagi muammoni tuzat» deng. Claude rasmni ko'rib tushunadi.
Bittadan o'zgartiring. Bir xabarda 10 ta o'zgarish so'rasangiz, ba'zilari tushib qolishi mumkin. 2–3 tadan so'rab, natijani ko'rib boring.

Ovoz qo'shish

🔇 Ovozsiz format

Faqat ekrandagi matn va musiqa. Eng oson yo'l va Reels uchun yaxshi ishlaydi — ko'pchilik videoni ovozsiz ko'radi.

🎙 O'z ovozingiz

Telefonga yozib olasiz. Claude shovqinni tozalaydi, balandlikni tekislaydi va sahnalarni ovozga moslaydi.

🎵 Musiqa

Litsenziyasi ochiq trek. Claude uni qirqadi, oxirida sekin o'chiradi, gapirilgan joyda pasaytiradi.

O'z ovozingizni qo'shish — qadamlar

  1. Yozib oling. Telefonning diktofonida, jim xonada, telefonni og'izdan ~20 sm uzoqda ushlab. Ssenariydagi matnni o'qing. Xato qilsangiz, 2 soniya jim turib, gapni boshidan qayta o'qing — keyin kesib tashlanadi.
  2. Faylni papkaga qo'ying. Masalan video-loyiha/audio/ovoz.m4a.
  3. Claude'ga ayting:
Promptaudio/ovoz.m4a — mening ovozim. ffmpeg bilan: shovqinni kamaytir, balandlikni tekisla (loudnorm, -14 LUFS), boshidagi va oxiridagi jimlikni kes, takror o'qilgan joylarni olib tashla. Keyin har bir gap qachon boshlanishini aniqla va sahnalar davomiyligini ovozga moslab scenes.json'ni yangila. Ekrandagi matn gapirilayotgan gap bilan bir vaqtda chiqsin.

Musiqa qo'shish

Musiqani faqat ishlatishga ruxsat bor joydan oling (masalan, YouTube Audio Library yoki litsenziyasi ochiq treklar). Faylni audio/musiqa.mp3 ga qo'ying va:

Promptaudio/musiqa.mp3 ni fon musiqasi qilib qo'sh: video uzunligiga qirq, boshida 0.5 soniya ichida kuchaysin, oxirida 1.5 soniyada so'nsin. Ovoz bor joyda musiqa avtomatik pasaysin (ducking), ovoz yo'q joyda biroz balandroq bo'lsin. Musiqa ovozni bosib ketmasin.
Instagram musiqasi: trenddagi qo'shiqni ishlatmoqchi bo'lsangiz, videoni musiqasiz chiqarib, musiqani Instagram ilovasining o'zida qo'shing — mualliflik huquqi muammosi bo'lmaydi.

Rasm, ikonka, shrift

🖼 O'z rasmlaringiz

Rasmlarni public/ papkaga qo'ying va «3-sahnada public/mahsulot.png ni markazda, sekin kattalashib turadigan qilib ko'rsat» deng.

✏️ Chizilgan grafika

Strelka, belgi, diagramma, oddiy illyustratsiyalarni Claude kod bilan o'zi chiza oladi (SVG). Rasm qidirish shart emas: «yo'l chorrahasini tepadan chizib ko'rsat».

🔤 Shrift

Google Fonts'dan o'zbek harflarini qo'llaydigan shrift tanlang (Montserrat, Inter, Rubik, Nunito). Claude'ga shrift nomini ayting.

Brend fayli. Ranglar, shrift, logo va animatsiya tezligini bitta faylga yozdiring: «brand.json yarat va hamma komponentlar shundan foydalansin». Keyingi videolar avtomatik bir xil uslubda chiqadi.

Instagram'ga chiqarish

ParametrQiymat
O'lcham1080 × 1920 (9:16, vertikal)
Kadr tezligi30 fps
FormatMP4, H.264 video, AAC ovoz
UzunlikReels uchun 15–60 soniya eng yaxshi ishlaydi
Xavfsiz zonaPastki ~300px va o'ngdagi ~150px ga muhim matn qo'ymang (tugmalar va izoh yopadi)
Muqova va matnVideo uchun muqova rasm (cover.jpg, 1080×1920) yasa: hook matni katta, javobini ko'rsatma. Yana Instagram post matni yoz: birinchi qatori qiziqtiruvchi savol, 3–5 qisqa abzats, oxirida izohga chaqiruv va 8–10 ta mavzuga mos hashtag.

Faylni telefonga o'tkazib, Instagram ilovasidan odatdagidek joylang. Fayl juda katta bo'lsa (50 MB+): «videoni sifatini sezilarli tushirmasdan 10 MB atrofiga siqib ber» deng.

Seriya qilish

Birinchi video 1–2 soat oladi, chunki shablon yasalyapti. Keyingi videolar uchun shablon tayyor — faqat yangi matn kerak.

Keyingi videoShu shablonda yangi video yasa. Mavzu: ___. Ssenariyni yoz, menga ko'rsat, tasdiqlagach scenes-2.json yarat va out/video-2.mp4 ga render qil. Dizaynga tegma.
CLAUDE.md fayli. Loyiha papkasida CLAUDE.md faylini yarating («loyiha uchun CLAUDE.md yoz» deng) va unga qoidalaringizni yozdiring: o'lcham, brend, «matn kamida 70px», «hook 2 soniyadan oshmasin». Claude har safar ishni boshlashda shu faylni o'qiydi — har gal qayta tushuntirish shart emas.
Variantlar so'rang: «Hookning 3 xil variantini render qil» — kod bo'lgani uchun bu deyarli bepul. Uchalasini sinab ko'ring, qaysi biri ko'p ko'rilsa, keyingi videolarda o'shani ishlating.
Avval bitta sahnani mukammal qiling, keyin hamma sahnaga tarqating.
1–2 soatbirinchi video va shablon
10–15 daqiqakeyingi har bir video
0montaj dasturi

Muammolar va yechimlar

Ko'p muammoning eng oson yechimi — xato matnini to'liq nusxalab Claude'ga yuborish: «shu xato chiqdi, tuzat».

«command not found: claude» (yoki node, ffmpeg) chiqyapti
Dastur o'rnatilgan, lekin terminal hali bilmaydi. Terminalni to'liq yopib, qayta oching. Yordam bermasa, o'rnatish buyrug'ini qayta bajaring. Windows'da kompyuterni qayta yoqish ko'pincha yechadi.
Claude kirishni (login) so'rayapti yoki «subscription» xatosi
Claude Code ishlashi uchun pullik Claude obunasi (Pro yoki Max) yoki API hisob kerak. Bepul tarif bilan ishlamaydi. Terminalda /login deb yozib qayta kiring.
Claude «limit»ga yetdi, javob bermayapti
Obunada ma'lum vaqt ichida ishlatish chegarasi bor. Xabarda limit qachon tiklanishi yoziladi — shungacha kuting. Tejash uchun: har bir video uchun yangi suhbat boshlang (/clear), juda uzun suhbatlardan qoching.
O'zbekcha harflar (ʻ ʼ, o', g') noto'g'ri yoki kvadrat bo'lib chiqyapti
Shrift bu belgilarni qo'llamaydi. Claude'ga: «Montserrat shriftini Google Fonts'dan yukla, matndagi ʻ va ʼ belgilar to'g'ri chiqsin, kadrdan tekshir» deng.
Matn telefonda juda kichik yoki ekrandan chiqib ketgan
Kompyuterda katta ko'ringan narsa telefonda kichrayadi. «Asosiy matn kamida 70px, sarlavha 100px, chetlardan 80px joy qolsin, uzun so'zlar keyingi qatorga o'tsin» deng va 5-qadamdagi tekshiruvni qayta qildiring.
Render juda sekin yoki kompyuter qotib qoldi
Render kompyuter kuchini ko'p ishlatadi — 30 soniyalik video zaif kompyuterda 10 daqiqagacha olishi normal. Boshqa og'ir dasturlarni yoping. Sinash uchun «avval faqat 3-sahnani render qil» yoki «sinov uchun 540×960 da render qil» deng; oxirida to'liq sifatda chiqarasiz.
Videoda ovoz yo'q yoki ovoz bilan matn mos kelmayapti
«ffprobe bilan out/video.mp4 da audio oqim bormi tekshir» deng. Mos kelmasa: «har bir gap boshlanish vaqtini ovoz faylidan qayta aniqla va sahnalarni shunga moslab qayta render qil».
Instagram videoni qabul qilmayapti yoki sifati yomonlashdi
«Videoni H.264, yuv420p, AAC, 30 fps, 1080×1920 formatiga qayta kodla» deng. Juda katta faylni Instagram qattiq siqadi — 10–30 MB atrofida bo'lgani yaxshi.
Claude men so'ramagan narsani o'zgartirib yubordi
«Oxirgi o'zgarishni bekor qil» deng. Kelajakda shunday yozing: «Faqat 3-sahnaga tegin, boshqa hech narsani o'zgartirma». Muhim bosqichdan keyin papkani nusxalab qo'yish (yoki «git bilan saqlab qo'y» deyish) ham foydali.

Lug'at

TerminalKompyuterga matn bilan buyruq beriladigan oyna.
PromptClaude'ga yozgan topshirig'ingiz.
SsenariyVideoda nima deyilishi va ko'rsatilishining rejasi.
JSONMa'lumotni tartibli yozish formati. Bu yerda — sahnalar ro'yxati.
Shablon / komponentSahnaning qayta ishlatiladigan dizayni (qolip).
RemotionReact yordamida kod orqali video yasash kutubxonasi.
RenderKod va ma'lumotdan tayyor MP4 video faylini chiqarish.
Kadr (frame)Videoning bitta rasmi. 30 fps = soniyasiga 30 kadr.
ffmpegVideo va ovozni kesish, yig'ish, siqish uchun bepul dastur.
HookVideoning birinchi 1–3 soniyasi: tomoshabinni ushlab qoladigan qism.
CTAHarakatga chaqiruv: «saqlang», «izohga yozing».
DuckingGapirilganda musiqani avtomatik pasaytirish.
localhostKompyuteringizning o'zida ishlab turgan sahifa (internetda emas).

Boshqa atamalar: umumiy lug'at.

Tayyor promptlar

Ta'lim / maslahat videosi«N ta qoida» formatida 40 soniyalik Reels yasa. Mavzu: ___. Tepada progress: N ta doiracha, har qoida tushuntirilganda bittasi to'ladi. Har qoida: katta raqam, qisqa sarlavha, bitta jumla izoh, oddiy chizilgan illyustratsiya. Oxirida «Saqlab qo'ying» CTA.
Viktorina / testSavol-javob formatida 30 soniyalik video yasa: savol va 3 ta variant ekranda chiqadi, 3-2-1 sanoq, keyin to'g'ri javob yashil bo'lib yonadi va qisqa izoh chiqadi. Mavzu: ___. Oxirida «Siz nechta topdingiz? Izohga yozing».
Mahsulot / biznesBiznesim uchun 20 soniyalik reklama Reels yasa. Biznes: ___. Mijozning muammosi bilan boshlansin, keyin yechim (bizning xizmat), 3 ta afzallik ikonkalar bilan, oxirida manzil/telefon va «Hoziroq yozing» CTA. Rasmlar public/ papkada.
Raqamlar / statistikaRaqamlar asosida 30 soniyalik video yasa: har sahnada bitta katta raqam 0 dan sanab chiqadi (count-up), ostida nimani anglatishi. Ma'lumotlar: ___. Oxirida asosiy xulosa bitta jumlada.

Savolingiz bormi?

Yasagan videongizni jamiyatda ko'rsating yoki tiqilib qolgan joyingizni so'rang — xato matni yoki skrinshot bilan yozsangiz, tezroq yordam berishadi.

Telegram guruhga qo'shilish →